“GM Uzbekistan” avtomobil zavodida “Labo” mini yuk avtomobilini seriyali ishlab chiqarish boshlandi

gm-daewoo-labo-2014-g-sostoyanie-novoe_0_b-1

“GM Uzbekistan” AJ joriy yil 27 iyul kunidan e’tiboran “Labo” avtomobilini seriyali tarzda ishlab chiqarishni boshladi, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Ushbu kichik oʻlchamdagi yuk mashinasini ishlab chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbekistonning 2015 yilga moʻljallangan investitsiya dasturi toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan oʻzlashtirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5,9 million AQSh dollarini tashkil qildi.

550 kilogrammagacha yuk koʻtarish imkoniyatiga ega “Labo” yuk avtomobili “Damas”ning ochiq bortli kuzovga ega modeli hisoblanadi hamda shahar va qishloq sharoitlarida qisqa masofalarga yuklarni yetkazib berishga moʻljallangan. “GM Uzbekistan” AJning Хorazmdagi zavodida yiliga bunday avtomobildan 5 ming dona ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Avtomobil 38 ot kuchiga ega uch silindrli, sigʻimi 0,8 litr boʻlgan dvigatel va besh bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Shuni qayd etish joizki, mazkur avtomobil “GM Uzbekistan” AJning Хorazm viloyatidagi filialida ishlab chiqariladigan uchinchi model hisoblanadi. Shu kungacha bu zavodda “Damas” va “Orlando” avtomobillari ishlab chiqarilgan.

www.ut.uz