Qadrli mehmonlar!
Avvalo, siz, hurmatli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolariga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga murojaat qilib, mening Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boʻlib saylanishimga oʻz ishonchini bildirgan yurtdoshlarimga oʻzimning samimiy minnatdorligimni izhor etishdan baxtiyorman.
Ayni shu fursatdan foydalanib, siz, azizlarimga oʻzimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirib, hammangizga sogʻlik-omonlik, baxt-saodat tilayman, qalbimdagi eng ezgu orzu-tilaklarimni qabul qilishingizni soʻrayman.
Menga bildirilgan ishonchni oʻzim uchun avvalo ulkan mas’uliyat va katta sharaf deb bilaman va yana bir bor aytmoqchiman — bunday yuksak, hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydigan xalq ishonchini oqlashga, bajo keltirishga butun borligʻimni safarbar qilaman.
Qadrli doʻstlar!
Biz eski, oʻzini oqlamagan mustabid, zoʻravon tuzumdan butunlay voz kechib, taqdirimizni oʻz qoʻlimizga olib, biz uchun yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, hech kimdan kam boʻlmaydigan ozod va obod hayot qurishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyib, amalga oshirayotgan qat’iy oʻzgarish va islohotlar natijasida bugun erishayotgan yuksak marra va yutuqlarimizni hech kim inkor etolmaydi.
Bularning asosiy omili va mezoni sifatida, hech shubhasiz, biz tanlagan va dunyoda “oʻzbek modeli” deb nom olgan, mashhur besh tamoyil — prinsipga asoslangan, tadrijiy — evolyutsion, bosqichma-bosqich rivojlanishning Oʻzbekiston yoʻli naqadar toʻgʻri ekanini hayotning oʻzi tasdiqlab bermoqda.
Bu modelning afzalligi va bugun oʻzini butunlay oqlaganini Oʻzbekistonga xos boʻlgan turli tabiiy, tarixiy, milliy, demografik va ekologik xususiyatlarni toʻla hisobga olganida koʻramiz.
Misol uchun, qishloq xoʻjaligini oladigan boʻlsak, bu sohada arenda — ijara mulkiga asoslangan fermerlik harakatini rivojlantirishga katta e’tibor berganimiz, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaganimiz evaziga bu harakat, hech shubhasiz, yaqin tariximizda oʻchmas iz boʻlib qoladi, desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. Fermer xoʻjaliklarimiz bugungi kunda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining nafaqat 90-92 foizini ishlab chiqarmoqda, balki qishloq hayotining taraqqiyotini oʻz zimmasiga olgan ijtimoiy-siyosiy harakatga aylanib bormoqda.
Yoki bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56 foizini ishlab chiqarayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik haqida gapiradigan boʻlsak, hozirgi vaqtda ish bilan band aholimizning 75-77 foizi bu sohada mehnat qilmoqda.
Oʻz-oʻzidan ayonki, koʻp narsadan dalolat beradigan ana shunday koʻrsatkich va raqamlar biz olib borayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ertangi kunimiz, taraqqiyotimiz yoʻlida mustahkam poydevor boʻlishi muqarrar.
Shuni toʻliq asos bilan aytishimiz mumkin — ayni shu kabi islohotlarni amalga oshirish hisobidan biz Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsish sur’atlarini ta’minlashga erishmoqdamiz. Ya’ni oxirgi 10 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning oʻsish sur’atlari 8 foizdan oshib kelayotgani va 2015 yilda ham — shunga ishonchimiz bor — bundan kam boʻlmasligini inobatga olsak, barcha narsa oʻz-oʻzidan ayon boʻladi.
Bunday yutuqlarning sabablarini biz avvalo mard va matonatli, koʻpni koʻrgan xalqimizning, odamlarimizning dunyoqarashi, siyosiy ongi va saviyasi tobora yuksalib borayotganida koʻramiz. Va eng muhimi, buning sababi bugungi kunda hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqayotgan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan, Vatanimizning ertangi kuni uchun mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan navqiron yoshlarimizni biz oʻzimizning ishonchimiz, tayanchimiz va suyanchimiz deb bilganimizdadir.
Ammo shular haqida soʻz yuritar ekanmiz, bir achchiq haqiqatni esimizdan chiqarmasligimizni istar edim. Agarki biz erishgan yutuq va marralarimiz bilan chegaralanib, xotirjamlik, havolanish va beparvolik kayfiyatlariga berilib ketsak, bunday holat barchamiz yoʻl qoʻygan, kechirib boʻlmaydigan katta xatoga aylanib ketishi mumkin.
Biz XXI asrda — intellektual mehnat va internet davrida, globallashuv zamonida yashayotganimizni, hayot taraqqiyoti hech qachon bir joyda toʻxtab turmasligini unutmasligimiz zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Buning ustiga, jahon miqyosida iqtisodiy-moliyaviy inqiroz davom etayotgani, raqobat, qarama-qarshilik tobora beshafqat tus olayotgani, radikalizm, terrorizm, ekstremizm kabi tahdidlar kuchayib borayotgani barchamizdan avvalo bir yoqadan bosh chiqarib, safarbarligimizni yanada oshirishni talab qiladi.
Shu borada amalga oshirayotgan ishlarimiz qatorida hayotimizni keskin oʻzgartirayotgan demokratik islohotlarni tezlashtirish, ularning samarasini oshirish bugungi kunda, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifamizga aylanmoqda, desam, yanglishmagan boʻlaman.
Shular haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo, biz uchun toʻsiq boʻlib turgan, eski mustabid tuzumdan qolgan asoratlarga barham berish va bugun hamon oʻz yechimini kutayotgan turli muammolarni hal qilishimiz, qabul qilgan qonunlarimizni izchil amalga oshirish, olib borayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu jumladan, birinchi navbatda, axborot va soʻz erkinligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va himoyalash kabi islohotlarni yangi, yuksak bosqichga koʻtarish — aytish mumkinki, bu sohalarda hali qiladigan ishlarimiz koʻp.
Ҳech kimga sir emas, iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini taʻminlamasdan turib, ya’ni ishlab chiqarish soha va tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilmasdan, texnologik va texnik nuqtai nazardan yangilamasdan turib, biz ishlab chiqaradigan mahsulotlarni jahon bozori, ertaga esa ichki bozorimiz ham qabul qilmaydi.
Bu haqiqat hammamizga ayon boʻlishi kerak.
Shuning uchun ham ertangi kunni, kelajak istiqbolimizni oʻylaydigan boʻlsak, bugun iqtisodiyotimizda amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarni, avvalambor, tarkibiy oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yangi, zamon talab qiladigan darajaga koʻtarish masalasini hal qilmasdan turib, ochiq aytishimiz kerak, biz oʻz maqsadlarimizga — taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga koʻtarilishimiz haqida gapirishning hojati qolmaydi.
Birinchi navbatda Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan koʻp tarmoqli iqtisodiyotimizning ustuvor sohasi boʻlmish xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik yoʻlidan barcha gʻov va toʻsiqlarni yoʻq qilish — biz uchun hal qiluvchi, ustuvor vazifaga aylanishi darkor.
Aytish kerak — oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda xususiy mulk va mulkdorlarni himoyalashga qaratilgan ishonchli me’yoriy-huquqiy asos va kafolatlarni, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka zarur sharoit va imtiyozlarni yaratib berish boʻyicha koʻpgina ishlar bajarildi va bajarilmoqda. Lekin, ming afsuski, xususiy mulkning davlat mulkiga nisbatan ustuvorligi barchamiz uchun ayon boʻlishiga qaramasdan, bu yoʻnalishda amalga oshirayotgan ishlarimiz, avvalo, mulkdorlarga erkinlik berish masalalari toʻla yechilmayapti, oʻzining kutilgan samarasini bermayapti.
Shuning uchun ham iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va oʻrnini strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishimiz darkor.
Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa — ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hamon saqlanib qolayotgan har qanday shakllaridan voz kechib, davlat organlari, biznes va xususiy sektor oʻrtasidagi vazifa va vakolatlarni aniq belgilab qoʻyishimiz, savdo operatsiyalarini, chakana savdodan tashqari, asosan, birja orqali amalga oshirish tizimiga oʻtishimiz kerak.
Shular qatorida korporativ yoki aksiyadorlik birlashmalari faoliyatiga ham koʻpgina xorijiy firma va kompaniyalar tajribasi asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritish zarur.
Bu boradagi amaliy tajribamiz shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonda mahalliy aksiyadorlar bilan birga, chet ellik investorlarning ham aksiyalarga ega boʻlishi mulkchilikning eng ma’qul, samarali, oʻzini oqlayotgan yoʻlidir.Buning afzalligi shundaki, xorijlik aksiyadorlar — muassislar qoʻshma korxonalarga avvalo ilgʻor, yuqori texnologiyalarni olib kelish bilan birga, ishlab chiqarishni zamonaviy asosda tashkil etish va boshqarishni joriy etadi.
Shu asnoda biz xorijiy davlatlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ochiqligimizni bildirib, bu borada yangi yoʻl va imkoniyatlar ochib berishga tayyormiz, desam, oʻylaymanki, barchangiz bu fikrga qoʻshilasiz.
Bugungi kunda amalga oshirayotgan va 2015 yil hamda kelgusi yillar uchun belgilab olgan ayni shunday islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsish sur’atlarini davom ettirishimiz, hech shubhasiz, davlat boshqaruvi tarkibini va iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini yangi bosqichga koʻtarishga, jahon miqyosida Oʻzbekistonimizning munosib oʻrin egallashiga xizmat qiladi.
Qadrli doʻstlarim, yurtdoshlarim!
Ruxsatingiz bilan yana bir oʻta muhim va barchamizni oʻylantiradigan masalaga toʻxtalib oʻtishni zarur, deb bilaman. Ya’ni bugungi kunda barchamiz qanday oʻta tahlikali, tobora keskinlashib borayotgan, turli xavf-xatarlarni olib kelishi mumkin boʻlgan zamonda yashamoqdamiz.
Ayni shunday vaziyatni hisobga olib, bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni, xalqimizning osuda hayotini, chegaralarimizning daxlsizligini asrash maqsadida biz uzoq va yaqin atrofimizdagi barcha davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni oʻzimizning eng ustuvor vazifamiz, deb bilishimiz kerak.
Yana va yana bir bor aytishni oʻzimning burchim, deb bilaman — Oʻzbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qoʻshilmaydi, oʻz hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida boʻlishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaydi.
Bugun yaqin atrofimizda vujudga kelayotgan oʻta murakkab vaziyatda ayni shunday yoʻlni, shunday siyosatni biz uchun eng toʻgʻri, eng ma’qul, deb bilamiz. Ilgari ham aytganimdek, bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak, buning uchun kurashishimiz kerak.
Fursatdan foydalanib, bizga yaqindan yordam va koʻmak berib, hamkorlik qoʻlini uzatib, doimo xayrixoh boʻlib kelayotgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga, ularning mana shu zalda oʻtirgan vakillariga, barcha chet ellik mehmonlarimizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Mening Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan oʻz tabrik va qutlovlarini yoʻllagan barcha davlat rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor ta’zim qilaman.
Mana shunday olijanob, bagʻrikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish — men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir.
Doimo sogʻ-omon boʻlinglar, qadrdonlarim!
http://xs.uz/