GM Uzbekistan Moskvada Ravon brendini namoyish qildi
GM Uzbekistan endi avtomobillarini yangi Ravon brendining «Vaqt sinovidan oʻtgan, yangitdan yaratilgan» shiori bilan eksport qiladi.
GM Uzbekistan kompaniyasi 8 oktabr kuni Moskvada Uz-Daewoo oʻrniga chiqarila boshlagan Ravon yangi brendi taqdimotini oʻtkazdi. Oʻzbekistonlik avtomobilsozlar ishlab chiqargan mahsulotlar endi ushbu brend bilan sotiladi.
«Bugun rivojlanishimizning yangi bosqichi boshlanadi», — dedi taqdimot marosimida «Oʻzavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Тohirjon Jalilov.
Uz-Daewoo savdo belgisi bilan Rossiya bozorida millionga yaqin avtomobil, jumladan, 300 mingdan oshiq ixcham Matiz avtomashinasi sotildi, uning A tasnifiga mansub mashinalar segmentidagi hissasi 60 foizdir. Тaqdimotda qayd etilishicha, ikki yil burun sotuvga chiqarilgan S tasnifiga mansub Gentra Rossiyadagi 25 ta eng koʻp sotilayotgan avtomobillar roʻyxatiga kiradi. Ushbu yutuqlar Ravon-ning «Vaqt sinovidan oʻtgan, yangitdan yaratilgan» shioriga toʻla mos keladi.
Ravon nomi tasodifan tanlagani yoʻq, deya ta’kidladi Jalilov. Bu qisqartmada «har bir harfning oʻz ma’nosi bor va avtomobillarimiz tabiatiga mos tushadi»: «Reliable Active Vehicle On Road». Oʻzbek tilidagi «ravon» soʻzi ham koʻp ma’nolidir: «yorugʻ, toza, tekis, toʻgʻri yoʻl» yoki «ravon yoʻl», deya tushuntirdi «Oʻzavtosanoat» rahbariyati vakili.
U ichi va tashqarisi yangilangan ixcham Ravon Matiz shahar avtomobilini namoyish etdi. Ushbu model ilk marta xavfsizlik yostigʻi, ABS va immobilayzer bilan jihozlandi.
Ravon Gentra avtomobilining ergonomikasi takomillashtirildi, ruliga charm qoplandi, salondagi yorugʻlik darajasi nazorat qilinadigan boʻldi va koʻp funksiyali displey oʻrnatildi. GM Uzbekistan dastlab, Gentra, soʻngra boshqa avtomobillarda «ERA-GLONASS» navigatsiya tizimini qoʻllab-quvvatlovchi qurilmalar oʻrnatish ustida ish olib bormoqda.
Yangi yildan boshlab Rossiyada Ravon R2 (Spark-ning analogi) va Ravon R4 (Cobalt) sotuvga chiqariladi. Birinchi modelga yangi dvigatel, avtomatik uzatish qutisi, asboblar paneli va audiotizim oʻrnatiladi. Ikkinchisining tashqi koʻrinishi va salonida oʻzgarishlar paydo boʻladi.
Eng koʻp kutilgan yangilik Т250 modeliga asoslanib chiqarilayotgan Ravon Nexia avtomobilidir. Uning dizayni butunlay yangilandi va unga xavfsizlik bilan bogʻliq bir qancha butunlay yangi tuzatmalar kiritildi. Тohirjon Jalilovning ma’lum qilishicha, ular sirasiga yoʻnalish barqarorligi va shinalardagi havo bosimi nazorati tizimlari, haydovchi va yoʻlovchilarni qoʻshimcha himoya qilish, piyodalarni himoya qilish talablariga javob beruvchi old bamper kiradi. Modelning avtomatik uzatish qutisi ham bor.
«Brendimiz bilan bogʻliq rejalarimiz katta. Ishlab chiqarilayotgan avtomobillarimiz turini koʻpaytirish ustida ish olib boryapmiz. Yaqin kelgusida jip va shaharlar uchun yirik sedan tanifidagi avtomobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Hozirning oʻzidayoq yana bir necha avtomobil ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda», — dedi taqdimot marosimida Тohirjon Jalilov.
www.gazeta.uz












