Islom Karimov ShHТ-BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHТ) a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Ufa shahriga keldi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.
Shahar markazidagi Kongress-xollda ShHТ (Qozogʻiston, Хitoy, Qirgʻiziston, Rossiya, Тojikiston, Oʻzbekiston) va BRIKSga (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Хitoy, Janubiy Afrika Respublikasi) a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda ShHТ hamda BRIKS doirasidagi hamkorlik, jahon iqtisodiyotini rivojlantirish, jumladan, birgalikda iqtisodiy oʻsishni ta’minlash, moliyaviy barqarorlik va tarkibiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashga oid masalalar, mintaqaviy va global ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Sammit qatnashchilari zamonaviy tahdid va xavf-xatarlar global miqyos kasb etib borayotganini inobatga olib, ularni bartaraf qilish borasidagi xalqaro harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida ShHТ va BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi ushbu noyob uchrashuv ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ulkan salohiyatga ega ikki xalqaro tuzilma uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Islom Karimov hozirgi kunda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib borayotganidan tashvish bildirmaydigan mamlakatning oʻzi yoʻqligini, bu illatlarga qarshi kurashishda davlatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash zarurligini qayd etdi. ShHТ-BRIKS uchrashuvi mazkur tuzilmalarga a’zo mamlakatlar xalqlari farovonligini oshirish, bu ulkan hududda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy rasmiy tadbirlari 10 iyul kuni boʻlib oʻtadi. Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida Ufa deklaratsiyasi imzolanishi, ShHТni rivojlantirish boʻyicha 2025 yilgacha moʻljallangan strategiya hamda tashkilotni kengaytirish va uning faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ufa safari doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.
www.ut.uz












