Joriy yilning 9 oyida Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti 8 foizga oʻsdi

2015 yil 19 oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan shu yil 16 yanvarda respublika Ҳukumatining majlisida belgilab berilgan 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yoʻnalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini tahlil qilishga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi.

Joriy yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,0 foizga oʻsdi. Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlari – 10,1 foizga, chakana tovar aylanmasi – 15 foizga va xizmatlar koʻrsatish — 12,9 foizga oʻsdi.
Қishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmlari oʻsishi 6,6 foizga ta’minlandi. Қishloqning qiyofasini tubdan yaxshilash choralari faol amalga oshirilmoqda, yangi qishloq massivlari qurilishida zamonaviy namunaviy loyihalar boʻyicha 9,3 mingta yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi.
Majlisda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash borasida koʻrilayotgan dasturiy chora-tadbirlar sanoat ishlab chiqarishi hajmlarining 7,3 foizga oʻsishini ta’minlaganligi qayd etildi.
Хususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturini izchil amalga oshirish kichik biznesning 21,4 mingta, yoki 2014 yilning shu davridagiga qaraganda 6,0 foiz koʻp yangi sub’ektini tashkil etishga koʻmaklashdi. Kichik biznes sub’ektlariga davlat mulkining 17,8 mingta foydalanilmayotgan ob’ektlari ijaraga berildi, umumiy summasi 9,6 trillion soʻm bank kreditlari va mikrokreditlar ajratildi. Natijada sanoat ishlab chiqarishida, investitsiyalarda, eksportda va aholi bandligida kichik biznesning ulushi va roli uzluksiz oʻsishi ta’minlanmoqda.
Aholi turmushi sifati va darajasini yanada oshirish yoʻli davom ettirildi. 748,7 mingta yangi ish oʻrinlari, shu jumladan, qishloq joylarda 451,6 mingta yangi ish oʻrni tashkil etildi. Joriy yilning 1 sentabridan boshlab byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorlari 1,1 marotaba oshirildi. “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish tadbirlarini amalga oshirish davom ettirilmoqda, ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 2,0 trillion soʻmdan koʻproq mablagʻ yoʻnaltirildi.
Majlisda faol investitsiya siyosati olib borilishi va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, zamonaviy infratuzilmani barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 9,9 foizga, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish 7,4 foizga oʻsishini ta’minlaganligi qayd etildi. 3 440 ta yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha 76 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. Oʻzbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ob’ektlari boʻyicha 1,0 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ oʻzlashtirildi.

www.ut.uz