2015-yil 6-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etayotgan mamlakatimiz kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega. Saylov fuqarolarimizning yuksak huquqiy madaniyati va siyosiy faolligini namoyon etdi. Fuqarolar ovoz berishda ishtirok etishi orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir karra ifoda etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 nafardan 18 million 942 ming 349 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etganini aniqladi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 91,08 foizini tashkil etadi.
Saylov natijalari ko‘rsatganidek, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 17 million 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Abdug‘aniyevich Karimovni yoqlab ovoz berdi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga – 582 ming 688 nafar saylovchi yoki 3,08 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar saylovchi yoki 2,92 foizi, O‘zbekiston “Adolat”sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Madjitovich Umarovga 389 ming 24 nafar saylovchi yoki 2,05 foizi ovoz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90, 117-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 35, 36-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Majlisda saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish huquqini ta’minlagan hamda umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish tamoyillariga rioya qilgan holda bo‘lib o‘tganligi ta’kidlandi.
Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning 43 davlatidan va beshta xalqaro tashkilotdan: Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan 299 nafar kuzatuvchi ishtirok etgani saylov kampaniyasi demokratik va shaffof o‘tganligining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 35 mingdan ortiq kuzatuvchilar ham ishtirok etdi.
Saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Prezident saylovini mamlakatimizning qariyb 600ta va 180dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan qariyb 180ta xorijiy va milliy internet nashrlari yoritib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi va hududiy matbuot markazlari tomonidan mamlakatimiz va chet elning 980 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag‘ishlangan 70dan ortiq matbuot anjumanlari, brifinglar va onlayn brifinglar o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq 12750dan ziyod maqola va axborot materiallari, ko‘rsatuv hamda eshittirishlar e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov
komissiyasi Matbuot xizmati