Oʻzbekistonda 2000 yildan buyon mahalliylashtirish dasturi asosida 2500 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi
Oʻzbekistonda 2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida 602 ta yangi loyihani amalga oshirish evaziga, 1225 ta import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan yangi turdagi raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 220 ta mahalliylashtirish loyihasi amalga oshiriladi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari mahsulotlarini mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga, mahalliy savdo-sotiq ulushi oshmoqda. 2015-2019 yillarda sanoatning asosiy tarmoqlari va infratuzilmalarida mazkur tashabbusni amalga oshirish natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan savdo aylanmasi 5,7 milliard AQSh dollariga koʻpayadi.
Umuman olganda, tasdiqlangan Mahalliylashtirish dasturi qoʻshimcha ravishda import oʻrnini qoplash samaradorligi 3,5 milliard dollarga yetkazilishini hamda 13,3 mingta yuqori malakali yangi ish oʻrinlari yaratishni ta’minlashga qaratilgan.
Тaxminiy hisob-kitoblarga koʻra, 2020 yilda Mahalliylashtirish dasturi boʻyicha yillik iqtisodiy samara tashqi toʻlov balansida 13 milliard AQSh dollarini tashkil etib, uning 10,3 milliard AQSh dollari import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va 2,7 milliard AQSh dollari esa mahalliylashtirilgan mahsulotlar evaziga erishiladi.
Mamlakatimizda mahalliylashtirish dasturi 2000 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Oʻtgan davr mobaynida umumiy qiymati 4 mlrd. AQSh dollaridan ziyod 2500 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilgan. Import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 220 marta oshgan boʻlib, soʻnggi 10 yil mobaynida esa sanoat ishlab chiqarish hajmidagi mahalliylashtirilgan mahsulotlarning ulushi 9,2 foizdan 20 foizga oʻsgan.
Yuzlab turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorni toʻldirmoqda, balki tashqi bozorga ham eksport qilinmoqda. Birgina 2014 yilning oʻzida 1 milliard AQSh dollari hajmidagi 550 turdagi mahsulotlar eksport qilingan.
Mahalliy tabiiy xom ashyo resurslari, import hajmi va tarkibini chuqur tahlil qilish natijasida ishlab chiqilib, keng jamoatchilik va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilayotgan mahsulotlarni oʻzlashtirish takliflari, xususiy investorlarni jalb etishni va sanoatning ustuvor tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan barcha xoʻjalik sub’ektlarining faoliyatini muvofiqlashuvini taqozo etmoqda.
Dasturdagi korxonalar tomonidan 4 ming turdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan va natijada yiliga 6,2 milliard AQSh dollari miqdorida import oʻrnini bosishga erishilmoqda.
www.ut.uz













