GM Uzbekistan gaz ballonli Lacetti ishlab chiqara boshlaganini e’lon qildi
GM Uzbekistan «Lacetti» modelining siqilgan gazda ishlovchi gaz ballonli qurilmaga ega versiyasini «GM Uzbekistan» OAJ zavodida seriya tarzida ishlab chiqarishni boshladi, deb xabar beriladi kompaniyaning Facebook dagi sahifasida.
«GM Koreya» va «Landi Renzo» (Italiya) kompaniyalarining hamkorlikdagi loyihasi doirasida avtomobil va gaz ballonli qurilmani kalibrovkalash ishlari amalga oshirildi, shuningdek, GM global tizimi standartlari va ECE R110 qoidalariga koʻra, gaz ballonli qurilma detallari va butlovchi qismlarining zaruriy sinov ishlari oʻtkazildi.
Avtomobil GM PowerTrain Uzbekistan kompaniyasi tomonidan maxsus gazda ishlashga moslashtirilgan dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel kuchaytirilgan silindr-porshen guruhi va klapan mexanizmiga ega. Bundan tashqari mashinaning yurish qismi detallari — amortizator tayanchlari, prujinalar, koʻndalang barqarorlik stabilizatorlari va boshqalar kuchaytirildi.
«Lacetti» avtomobili dvigateli kuchli va optimal ishlashi uchun ikkita yoqilgʻi tizimiga moslashtirilgani ta’kidlanayapti, «GM Koreya» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil barcha zaruriy sinovlardan oʻtkazildi.
Avtomobillarga oʻrnatiladigan gaz ballloni qurilmasi (ballonlar)ni Italiyaning Faber va «Oʻzavto-Landi Renzo» QK (kapotosti qurilmasi qismlari) kompaniyalari yetkazib bermoqda.
www.ut.uz













