Prezident Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri «AgroTech Klaster»ning faoliyati va mahsulotlari bilan tanishdi

“AgroTech Klaster” Oʼzbekiston Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi qaroriga asosan tashkil qilingan edi. Mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xoʼjaligi texnikasi zavodi negizida toʼliq siklli klaster tizimi yoʼlga qoʼyildi. Buning uchun qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ziyod mavjud binolar taʼmirlandi.

Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish oʼrni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.

Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot – universal traktor ishlab chiqarildi. Prezident Shavkat Mirziyoev uning ilk namunalarini koʼzdan kechirdi.

Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yoʼlga qoʼyilmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul oʼqitib, sifatli xizmatlarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha topshiriq berildi.

Klasterda ilm-fan va ishlab chiqarishni uygʼunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan boʼlib, shu maqsadda zamonaviy ilm markazi ishga tushirildi. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining taʼlim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual taʼlim shaklidagi oʼquv jarayonlari yoʼlga qoʼyilgan. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlab boradi.