“O’zavtosanoat” “Ford” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishni rejalashtirmoqda.
“O’zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi “Ford” avtomobillarini Rossiyada ishlab chiqarish, Rossiya bozorida ushbu rusumdagi avtomobillarni import qilish va uning barcha mahsulotlarini sotish bilan shug’ullanuvchi “Ford Sollers” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishni rejalashtirmoqda.
“O’zavtosanoat” vakillari yaqinda Moskvada bo’lib o’tgan XVIII Rossiya avtomobilsozlik forumida ishlab chiqaruvchi va birinchi darajadagi yetkazib beruvchi avtomobilsozlik kompaniyalarning xaridlar bo’yicha direktorlari bilan muzokaralar o’tkazdilar. O’zbekistonlik mutaxassislar “PSMA Rus” kompaniyasining loyihaviy xaridlar bo’yicha rahbari hamda rivojlanish va yetkazib beruvchilar sifati bo’yicha menejeri Aleksandr Smolyankin, shuningdek, Ford Sollers kompaniyasining xaridlar bo’yicha vitse-prezidenti o’rinbosari Nikolay Хodosevich bilan yakkama-yakka muzokaralar olib borishdi.
“PSMA Rus” avtozavodi Kalugadagi “Rosva” texnoparki hududida joylashgan bo’lib, u yerda 2010 yildan buyon “PSM Peugeot Citroen” va “Mitsubishi” konserni modellari yig’iladi.
Suhbat chog’ida “O’zavtosanoat” vakillari O’zbekiston avtomobilsozlik kompaniyalari imkoniyatlari haqida axborot berishdi. Uchrashuv yakunlari bo’yicha “PSMA Rus” va “Ford Sollers” kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini ko’rib chiqish haqida kelishuvga erishildi.












