Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,5 foizga oʻsdi
Тoshkentda Vazirlar Mahkamasining joriy yil birinchi choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi – 7,9 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi – 6,3 foizga oʻsdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan ortiq boʻlmadi.
Iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ichki talabni muvozanatli ragʻbatlantirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlari 11,2 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi – 15,2 foizga va xizmatlar hajmi – 13,1 foizga koʻpayishiga koʻmaklashdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi.
Oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 8,7 foizga, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 10 foizga oʻsishiga koʻmaklashganligi qayd etildi.
Aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish natijasida joriy yilning birinchi choragi mobaynida 141 mingtadan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etildi, ulardan 88 mingtadan ortigʻi yoki 62,6 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.
2015 yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 4,8 milliard dollardan ortiq boʻlgan 53 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Mahalliylashtiriladigan mahsulotlarning 430 tadan ortiq yangi turini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Investitsiya faolligi oʻsishi pudrat qurilish ishlari hajmini 18,9 foizga koʻpayishiga koʻmaklashdi.
Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlarini amalga oshirish doirasida yil boshidan buyon 434 ta yangi ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirilganligi qayd etildi. Қishloq joylarda 169 kilometr suv quvuri tarmoqlari, 54 kilometr gaz tarmoqlari ishga tushirildi, 1,3 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Joriy yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha 12 mingta yakka tartibdagi uy-joy qurishni tashkil etish, shuningdek, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari koʻrilmoqda.
Eksport hajmi 13,9 foizga oʻsdi va yil boshidan 146 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 102 ta yangi turdagi mahsulotlarni eksport qilish yoʻlga qoʻyildi.












