Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

Happy new year 2016

Aziz vatandoshlarim!

Mana shu fayzli oqshomda bayram dasturxoni atrofida toʻplanib oʻtirgan siz, hurmatli yurtdoshlarimni, butun Oʻzbekiston xalqini yangi – 2016 yil bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga qut-baraka tilashni oʻzim uchun katta baxt, deb bilaman.

Mana, azizlarim, qadrdonlarim, bugun biz vaqtning azim daryodek shiddat bilan oʻtishiga yana bir bor guvoh boʻlib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qoʻymoqdamiz.

Ayni shu lahzalarda oʻtayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan, yon-atrofimizda boʻlib oʻtgan tashvishli va quvonchli voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni beixtiyor koʻz oʻngimizdan oʻtkazamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildiramiz.

Mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos oʻzgarishlarni, xonadonlarimiz, mahalla, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tobora obod va goʻzal boʻlib borayotganini hisobga olib, oxiriga yetayotgan yilimizga yakun yasab, xolisona aytadigan boʻlsak, 2015 yil biz uchun har tomonlama xosiyatli va fayzli boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Bularning tasdigʻi haqida gapirganda, ruxsatingiz bilan ayrim misol va raqamlarni keltirishni oʻrinli, deb bilaman.

Keyingi 11 yil davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti jahondagi kamdan-kam davlatlar qatorida barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgani, shu jumladan, 2015 yilda ham yalpi ichki mahsulotimizning oʻsishi 8 foizdan kam boʻlmaganining oʻzi, haqiqatan ham, tarixiy bir voqeadir, desak, adashmagan boʻlamiz.

Iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlari jadal taraqqiy topayotgani, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarning ishga tushirilayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yoʻl ochib berilayotgani, axborot-kommunikatsiya tizimlarining hayotimizga faol joriy etilayotgani, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorida raqobatdoshligi ortib borayotgani – bularning barchasi biz erishayotgan yutuqlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.

Qishloq xoʻjaligi sohasida mirishkor dehqon va fermerlarimizning, turli qiyinchiliklarga qaramasdan, 7 million 500 ming tonnadan ziyod gʻalla, 3 million 350 ming tonna paxta, 14 million 500 ming tonnaga yaqin sabzavot va poliz, 4 million 300 ming tonna bogʻdorchilik mahsulotlari yetishtirgani bozor va doʻkonlarimizdagi moʻl-koʻlchilikni, narx-navoning me’yorida boʻlishini ta’minlashga katta hissa boʻlib qoʻshildi va buning uchun dala mehnatkashlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Ana shunday salmoqli natijalarimiz 2015 yilda aholimizning real daromadlarini 9,6 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini 21,9 foizga oshirish imkonini berdi.

Shular qatorida xalqimizning ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish, ilmu fan, ta’lim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport, turli gumanitar tarmoqlarni yangi, zamon talab qiladigan bosqichga koʻtarish biz uchun doim ustuvor yoʻnalishlar qatorida boʻlib kelmoqda.

Lekin, agar bugungi zamon qanday shiddat bilan oʻzgarib borayotganini hisobga oladigan boʻlsak, bu sohalarga, avvalo, ta’lim-tarbiya sohasiga e’tiborimizni yanada kuchaytirishimiz darkor.

Chunki zamon oʻzgarishi bilan odam, inson ham oʻzgaradi, uning dunyoqarashi, hayotga, hayotdagi oʻz roli va burchiga munosabatlari va qarashlari bir holatda turmaydi.

Ayniqsa, katta ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan aziz farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirayotgan dasturlarimiz biz oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarga javob berishiga ishonchimiz mustahkam boʻlishi zarur.

Loʻnda qilib aytadigan boʻlsak, biz dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga koʻtarilishni eng yuksak maqsadimiz sifatida qoʻygan ekanmiz, bunday oʻta muhim va mas’uliyatli vazifa, avvalambor, hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqayotgan, zamonaviy bilim va tajribaga ega boʻlgan, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvarligi va hozirligi bilan ajralib turadigan yosh avlodimiz zimmasiga tushadi.

Oʻrtaga qoʻyilgan bunday ulkan vazifaning naqadar chuqurligini va mas’uliyatini hisobga oladigan boʻlsak, ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishda mablagʻimizni ham, oʻzimizni ham ayamasligimiz kerak, deb oʻylayman.

Aziz doʻstlarim, qadrli yurtdoshlarim!

2015 yil mobaynida mamlakatimizning kuch-qudrati va salohiyatini, xalqimiz farovonligini yanada oshirish, jahon maydonida Vatanimizning obroʻ-e’tiborini yuksaltirish yoʻlida yangi-yangi marralarni zabt etganimiz, xalqaro miqyosdagi nufuzli reytinglarda Oʻzbekistonning yuqori oʻrinlarni egallayotgani hammamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Тasavvur etishning oʻzi ham qiyin boʻlgan ana shunday ulkan yutuqlarimizni sarhisob qilib, “Kecha kim edigu bugun kim boʻldik?” degan nuqtai nazardan bosib oʻtgan yoʻlimizni baholar ekanmiz, toʻla ishonch bilan aytmoqchiman: bunday yuksak muvaffaqiyatlarning ijodkori va bunyodkori boʻlgan, ana shu natijalarga erishish yoʻlida mashaqqatli sinovlarda toblangan, mard va tanti xalqimiz oldida, barcha-barcha vatandoshlarimiz oldida chin qalbdan ta’zim qilishni oʻzim uchun katta sharaf deb hisoblayman.

Muhtaram doʻstlar!

Mana shunday hayajonli va shukuhli damlarda har qaysi inson yangi yilni kutib olar ekan, ayni shu daqiqalarda qalbida, yuragida saqlab kelayotgan ezgu orzu-umidlarning ushalishini, oilasi, yaqinlari, ona yurti tinch-omon boʻlishini, yangi yil yanada xayrli va barakali boʻlishini xayolidan oʻtkazadi.

Ishonchim komilki, kirib kelayotgan 2016 yilimiz 2015 yilga nisbatan kam boʻlmasdan, xosiyatli va samarali boʻlishiga toʻliq asoslarimiz bor. Buning uchun oldingi yillarda mamlakatimizda har tomonlama mustahkam zamin – poydevor tashkil qilingani hech kimga sir emas. Shu bilan birga, kutilayotgan turli qiyinchilik va toʻsiqlarni yengish uchun biz katta tajribaga egamiz.

Mavjud boʻlgan toʻsiq va muammolar haqida gapirganda, avvalo, tashqi tomondan paydo boʻlayotgan omillar, ya’ni, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgani, dunyo bozorlarida vaziyat noaniq boʻlib qolayotgani, terrorizm va ekstremizm balosi tobora kuchayib borayotganini va bunday ogʻir muammolar jahondagi koʻpgina davlatlar boshiga katta bir savdo boʻlib, shu jumladan, bizning yelkamizga ham tushganini koʻrish, kuzatish qiyin emas.

Bunday vaziyatga qaramasdan, bizning prognoz va hisob-kitobimiz shuni koʻrsatadiki, kirib kelayotgan 2016 yilda iqtisodiyotimizning oʻsish sur’atlari 7,8 foizga, aholining jon boshiga toʻgʻri keladigan real daromadlari 9,5 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarning miqdori turli manbalar hisobidan 15 foizga oshishi kutilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2016 yilda davlat byudjetida ilmu fan, ta’lim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport tarmoqlarini oʻzida mujassam etgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflanadigan mablagʻlar 2015 yilda oʻzlashtirilgan mablagʻlarga nisbatan ancha koʻproq boʻlib, davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 59,1 foizini tashkil etadi.

Kirib kelayotgan yilda barcha moliyaviy manbalar hisobidan iqtisodiyotimizga 17 milliard 310 million dollar miqdoridagi kapital qoʻyilmalar yoʻnaltirilib, ularning 23,5 foizini chet el investitsiyalari tashkil etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi – 2016 yil koʻpgina koʻrsatkichlar boʻyicha yakuniga yetayotgan 2015 yilga nisbatan kam boʻlmasdan, balki koʻp sohalarda undan ancha yuqori va ziyoda boʻlishi moʻljallanmoqda.

2016 yilda umumiy qiymati 5 milliard 500 million dollar boʻlgan 164 ta yirik ishlab chiqarish ob’ektida qurilish ishlarini yakuniga yetkazish va ularni foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda.

Shular qatorida Тollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 450 megavatt boʻlgan ikkita bugʻ-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavatt quvvatga ega boʻlgan energiya bloki qurilishini nihoyasiga yetkazish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis ishlab chiqaradigan metall eritish korxonasini barpo etish kabi oʻta muhim loyihalar borligini ta’kidlash lozim.

2016 yilda xitoylik sheriklar yordamida Qamchiq dovonini kesib oʻtadigan 19 kilometrlik tunnel qurilishini tugatib, Fargʻona vodiysini butun Oʻzbekiston bilan bogʻlaydigan temir yoʻl ishga tushirilishi, shuningdek, “Тoshkent – Samarqand” tezyurar temir yoʻl qatnovining Buxorogacha yetib borishi belgilangan.

Ayni vaqtda “Jeneral motors – Oʻzbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “Т-250” modelidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida yillik quvvati 80 ming tonna boʻlgan oltingugurt granulalari tayyorlaydigan korxonani barpo etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, zamonaviy traktorlar, yangi rusumdagi mobil telefonlar, planshet kompyuterlari, noutbuklar, televizor va xolodilniklar, konditsionerlar hamda boshqa maishiy elektr texnika buyumlari, keng turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqaradigan quvvatlar ham foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yilda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi “Boing-787” havo laynerlarining eng zamonaviy avlodiga mansub ikkita yangi samolyot bilan ta’minlanishi mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Mamlakatimizda yangi yilga “Sogʻlom ona va bola yili” deb nom berganimizni el-yurtimiz katta mamnuniyat bilan kutib olgani va keng qoʻllab-quvvatlayotgani, bu qaror zamirida mujassam boʻlgan “Ona va bola sogʻlom boʻlsa, oila baxtli, oila baxtli boʻlsa, jamiyat mustahkam boʻladi” degan gʻoya xalqimizning olijanob orzu-intilishlariga nechogʻliq hamohang ekanidan dalolat beradi.

Qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni bagʻrimga bosib, kirib kelayotgan yangi – 2016 yil bilan yana bir bor qizgʻin tabriklayman.

Mana shu hayajonli daqiqalarda siz, azizlarga qalbimning toʻrida boʻlgan eng samimiy tilaklarimni izhor etaman:

muhtaram faxriylarimizning umrlari uzoq boʻlsin,

munis ayollarimizning chehrasidan tabassum arimasin,

dilbar qizlarimiz yanada goʻzal va chiroyli, baxtli-saodatli boʻlsin,

yoshlarimizning baxtu iqbolini bersin.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Islom Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

www.ut.uz