Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat ayyomi boʻlmish muborak Ramazon hayitining ma’naviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini inobatga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish toʻgʻrisida”gi 1992 yil 27 martdagi PF-368-son farmoniga muvofiq:

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2015 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 18 iyul shanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini e’tiborga olib, 2015 yil 18 iyul dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari va boshqa mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Ramazon hayitini joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtkazish uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 
Т
oshkent shahri, 2015 yil 14 iyul

http://uza.uz/